O‘zbekiston zobitlari NATO ko‘magida tashkil etilgan til kurslarini yakunlamoqdalar
24 mart kuni O‘zbekiston zobitlarining birinchi guruhi ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha sinov kursini yakunladilar. Ushbu kurs O‘zbekiston Mudofaa vaziriligi uchun NATOning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqa va o‘zaro hamkorlik bo‘yicha xodimi byurosi tomonidan o‘tgan yili tashkil etilgandi.
Bitirish marosimi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi «Tinchlik yo‘lidagi sheriklik» dasturi O‘quv markazi boshlig‘i polkovnik Do‘stniyozov tomonidan o‘tkazildi. Marosimda NATOning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqa va o‘zaro hamkorlik bo‘yicha xodimi Rozariya Pulizi va ba'zi NATO mamlakatlari harbiy attashelari qatnashdilar.
O‘rta va katta zobitlar tarkibining o‘n uch vakili olti oylik ta'lim dasturi davomida erishilgan ingliz tili bilimlari darajasini tasdiqlovchi sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi. «Ingliz tili ko‘nikmalarini oshirish sizga NATOning sheriklik va hamkorlik sohasidagi tadbirlarida qatnashish imkonini beradi, bu esa professional o‘sishingiz hamda yurtingizga yanada samarali xizmat qilishingizga ko‘mak beradi», - dedi bitiruvchilarga qarata NATOning aloqa va o‘zaro hamkorlik bo‘yicha xodimi.
Kurs tinglovchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi. «Bu foydali o‘qish», - qayd etdi polkovnik Rustam Toshmatov. U yaqinda olgan bilimlarini allaqachon amaliyotda qo‘llab, Mudofaa vazirligi xodimlari uchun og‘zaki tarjima amalga oshirmoqda.
Mudofaa vazirligining harbiy ta'limni takomillashtirishda ko‘mak berish haqidagi NATOga yo‘llagan iltimosiga ko‘ra, sinov kursi ikkinchi yilga ham uzaytiriladi.
Ushbu tadbirga hamohang tarzda, Pulizi xonim Qurolli Kuchlar Akademiyasidagi NATO multimedia burchagiga ilmiy kitoblar to‘plamini taqdim etdi. Ushbu multimedia markazi 2015 yilda ochilgan bo‘lib, NATOning sherik-davlat harbiy oliy o‘quv yurtida tashkil etilgan dastlabki multimedia markazi sanaladi.